Vaqtinchalik ro‘yxatga turish va uni uzaytirish tartibi
O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet el fuqarolari vaqtinchalik ro‘yxatga turish uchun uch kun ichida (bayram va dam olish kunlarini hisobga olmasdan) O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari lozim.
Ro‘yxatga turish muddatini cho‘zish masalasi viza muddatini o‘rnatilgan tartibda cho‘zdirilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida amalga oshiriladi.
Xorijiy fuqarolarni vaqtincha propiskadan o‘tkazish uchun qanday xujjatlar taqdim qilinadi?
Xorijiy fuqarolarni vaqtincha propiskadan o‘tkazish uchun MvaFRBga taqdim qilinadigan xujjatlar: – belgilangan shakldagi iltimosnoma; – qabul qiluvchi tashkilotning belgilangan shakldagi iltimosnomasi; – milliy pasport yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun xujjat; – uy-joy egasining vaqtincha propiskadan o‘tkazishga yozma roziligi va uy-joyga bo‘lgan huquqni belgilovchi hujjatlar; – davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan davlat boji to‘lashdan ozod etilganlar bundan mustasno).
Xorijiy fuqarolarning respublikamiz xududida vaqtincha propiskadan o‘tish tartibi.
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘luvchi xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi hududida milliy pasportlar bo‘yicha vaqtincha propiskadan o‘tish asosida yashaydilar. Xorijiy fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Chegara nazorat maskanidan (КПП) o‘tganlaridan so‘ng uch sutka mobaynida vaqtincha propiskadan o‘tishlari shart, bayram va dam olish kuni (yakshanba, ba’zi hollarda qonunchilikka muvofiq shu kun ish kuni hisoblanmasa)lari bundan mustasno. Uch sutka muddat, fuqaroning milliy pasportiga O‘zbekiston Respublikasi chegara qo‘shinlarining chegara-nazorat maskani shtampi bosilgan sananing ertasi kunidan boshlab hisoblanadi.
Respublikamiz hududida vaqtincha yashovchi xorijiy fuqarolar yashash guvohnomasini olish uchun qanaqa hujjatlar kerak va qayerga murojaat qilishi kerak.
Vaqtincha propiskadan o‘tan hududiy IIB MvaFRBga quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim. Ariza-Anketa ikki nusxada; Nikoh qayd qilinganligi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarning nusxasi; Uy egasining arizachi doimiy propiskadan o‘tishiga notarial tasdiqlangan rozilik arizasi; Milliy pasportining kerakli betlaridan nusxalar (rasm, viza, propiska); Uy-joy yashash xuquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi (order yoki oldi-sotdi shartnoma, uy. daftari yoki F-16,17); Rangli rasm (3,5 ga 4,5) ikki dona; 50 AQSh dollari miqdorida davlat boji to‘laganligi haqida kvitansiyalarni to‘plab murojaat etishingiz lozim.
Chet el fuqarosi uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi qancha muddatga beriladi?
Chet el fuqarosi uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi besh yil muddatga beriladi va keyinchalik har besh yilga, ammo milliy pasportining amal qilish muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirib berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy veb-saytidan batafsil ma’lumot olish mumkin.