Taʼlim va fan sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston yoshlari Umumjahon assotsiatsiyasi raisi Rahmatjon Umarov va mamlakatimizning Qirg‘izistondagi elchixonasi vakillari ishtirokida Qirg‘iziston taʼlim va fan vazirligida uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qirg‘iziston taʼlim va fan vaziri o‘rinbosari Nurlan Omurov, Xalqaro hamkorlik va investitsiya jalb qilish boshqarmalari rahbarlari Erlan Kojoyev va Aybek Matkalikov qatnashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida madaniy, maʼrifiy va taʼlim sohasida erishilayotgan yutuqlar ko‘lami so‘nggi yillarda kengayib borayotgani taʼkidlandi. Jumladan, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida taʼlim sohasida shartnomalar imzolanganiga eʼtibor qaratildi. Nurlan Omurov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan qirg‘iz fuqarolariga respublika oliy taʼlim muassasalarida o‘qish uchun 100 ta grant ajratilganini minnatdorlik bilan eʼtirof etdi.
“Har qanday mamlakatning jadal taraqqiyoti, salmoqli yutuqlari, xalqining farovon turmushi yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasi bilan chambarchas bog‘liq, - dedi N.Omurov. – Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilni O‘zbekistonda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilgani yuksak eʼtirofga loyiq”.
Tadbir davomida yoshlar tashkilotlari haqida, shuningdek, uzoq va yaqin xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, ularni maʼnaviy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan O‘zbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston yoshlari Umumjahon assotsiatsiyasi raisi Raxmatjon Umarov va Qirg‘iziston Respublikasi taʼlim va fan vaziri o‘rinbosari Nurlan Omurov o‘zaro hamkorlikka oid memorandum imzoladi.