O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Qirg‘izistonda ta’lim olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
Mamlakatimiz elchixonasida O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi raisi Rahmatjon Umarov, Qirg‘iziston oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan o‘zbek talabalari hamda Bishkekdagi O‘zbek milliy madaniy markazi yoshlar qanoti vakillari ishtirokida «davra suhbati» o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, R.Umarov O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyati haqida ma’lumot berdi. U assotsiatsiya tomonidan chet elda, jumladan, qo‘shni davlatlarda ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
2020 yil oktyabr oyida Assotsiatsiyasining Qirg‘izistondagi vakili tayinlangan. Vakil mamlakatimiz elchixonasi bilan hamkorlikda Qirg‘izistonda ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamkorlikda turkum tadbirlar uyushtirib kelmoqda.
«Davra suhbati»da talabalar Qirg‘iziston qonunchiligi talablariga qat’iy amal qilishga chaqirildi, zarur hollarda elchixona konsullik bo‘limi yoki yoshlar tashkilotiga murojaat qilish mumkinligi ma’lum qilindi.
Xorijga chiqish pasportlarini rasmiylashtirish, doimiy va vaqtinchalik konsullik ro‘yxatiga qo‘yish, yo‘qotilgan fuqarolik pasporti o‘rniga Vatanga qaytish sertifikatini rasmiylashtirish tartibi va boshqa konsullik-huquqiy masalalar tushuntirildi.