Tashqi ishlar vazirligida iqtisodiy diplomatiyaning bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr almashildi
Kecha Tashqi ishlar vazirligida «Tashqi siyosatda iqtisodiy diplomatiya» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Zamira Azizxonova.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) xalqaro investitsiyalar va moliya kafedrasi professori Ibrohim Mavlonov ma’ruza qildi.
Tadqiqotchi olim tadbir ishtirokchilariga ushbu yo‘nalishdagi o‘z qarashlari va ilmiy izlanishlari haqida so‘zlab berdi.
Seminar yakunida u «Dunyo» AAga bergan intervyusida turli zamonlarda turlicha atalib kelingan iqtisodiy diplomatiyaning bugungi kunda ahamiyati sezilarli darajada oshganini ta’kidladi.
- Bugungi kunda iqtisodiy diplomatiya mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatini amalga oshirishda asosiy va muhim vositaga aylandi, - dedi I.Mavlonov. - Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishni izchil rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. 2018 yilda ushbu sohada davlatimiz rahbarining qarori qabul qilingan bo‘lib, unda Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar, jumladan, muvofqlashtiruvchi vazifasi yuklatildi. Iqtisodiy diplomatiya bizning chet eldagi elchixonalarimiz faoliyatida markaziy o‘rinni egallashi, bunda katta e’tibor savdo va turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonga sarmoyalar jalb qilishga qaratilishi lozim. Bugungi kunda mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalari bu yo‘nalishda muhim ishlarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining diplomatlarimizning O‘zbekiston mintaqalari bilan faol ish olib borishi to‘g‘risida qaror qabul qilgani muhim ahamiyatga ega. Bu chora-tadbir chet elda viloyatlarning iqtisodiy manfaatlarini har tomonlama namoyish etish va targ‘ib qilish maqsadiga qaratilgan. Menimcha, bu jihat mamlakat uchun juda muhimdir.
Universitetimizda chet davlatlarning bu boradagi tajribasini o‘rganamiz. Masalan, Buyuk Britaniya misoli haqida gapiradigan bo‘lsak, ular tashqi siyosat mahkamasida tashqi iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish bilan ham shug‘ullanishadi. Mamlakat elchixonalari ushbu masalalar bilan faol shug‘ullanadi, deyarli barcha iqtisodiy masalalarni qamrab oladi. Xuddi shunday tajriba Fransiyada ham mavjud. Masalan, ushbu mamlakatda so‘nggi yillarda Tashqi ishlar vazirligi tizimida ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Elchixoanalar tarkibida Fransiya mintaqalari manfaatlarini chet elda himoya qiladigan va o‘z mintaqalarini jahon bozorlariga olib chiqish bilan shug‘ullanadigan maxsus diplomatlar faoliyat yuritadi. Italiya tajribasi ham biz uchun qiziqish uyg‘otadi. Ushbu mamlakat elchixonalari faoliyatida ham iqtisodiy diplomatiya masalasiga katta e’tibor ajratiladi. Xorijiy mamlakatlarning ushbu ijobiy tajribasi o‘rganish biz uchun juda foydali.
Bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiy diplomatiya - bu mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini diplomatiya yordamida xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish va lgari surishdir.