“Tashkent Law Spring” II xalqaro huquqiy forumi ishtirokchilari elektron notariat tizimiga o‘tish va yo‘lga qo‘yish zarurligi masalalarini muhokama qiladi
“Tashkent Law Spring” II xalqaro huquqiy forumining sessiyalaridan biri “Elektron notariat – kelajakka nazar” masalalariga bag‘ishlanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi maʼlumotiga ko‘ra, sessiya doirasida quyidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan:
- Hujjatlarni elektron saqlash va masofadan turib notarial tasdiqlashning xavfsiz texnologiyasi;
- Rossiya raqamli notariati: yutuqlar va istiqbollar – davlat organlarida axborot ochiqligini taʼminlashning samarali vositalari;
- Notarial harakatlarning masofaviy tasdiqlanishi: qanday qilib fuqarolik-huquqiy munosabatlarning ishonchliligini saqlash mumkin?;
- “Ye-notariat”ni Ukrainada tatbiq etish xususiyatlari”;
- Xalqaro notariuslar ittifoqining Masofaviy notarial tasdiqlash bo‘yicha yo‘riqnomasi;
- Masofaviy harakatlar va masofadan turib ko‘rish;
- Blokcheyn texnologiyasi.
Sessiyada elektron notariat hamda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari ishtirok etadi.
Sessiyada Germaniya notariuslari Federal palatasining xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh vakili Richard Bok, Rossiya notarial palatasi prezidenti Konstantin Korsik, Litva notarial palatasi prezidenti Maryus Strachkaytis, Ukraina notarial palatasi prezidenti Vladimir Marchenko, Xalqaro notariuslar ittifoqining “Yangi texnologiyalar” bo‘yicha ishchi guruhi raisi Me Karlo Alberto Markoz, Germaniya notariuslari Federal palatasining Xalqaro ishlar bo‘yicha huquqiy maslahatchisi Veronika Kormann, Fransiya notarial palatasi vakili Dejua Antuan kabi ekspertlar ishtirok etadi.