O‘zbekiston chet el tajribasini Prezident ta’lim muassasalari tizimiga qanday tadbiq etmoqda
Oʻzbekistonda ta’lim-tarbiya, ilm-fanga e’tibor ham mutlaqo o‘zgardi. Xususan, maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim sohalari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli, izchil va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada qator muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilinmoqda.
Yurtboshimizning shaxsiy tashabbuslari bilan tashkil etilgan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida bugungi kunda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 2 ta sport maktabi, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab internatlari, “Yangi Oʻzbekiston” va “Isʼhoqxon Ibrat” nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Fan olimpiadalari markazi davlat muassasasi hamda “Renessans” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.2023/2024-o‘quv yilida Prezident maktablarini 319 nafar, ijod maktablarini 263 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarni 5 868 nafar o‘quvchi tamomladi.
Xususan, Prezident maktablari bitiruvchilarining 65 foizi (206 nafari) muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, 2023/2024-oʻyuv yilida Agentligimiz tizimidagi maktab o‘quvchilari jami 12 turdagi xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida ishtirok etib, shundan: 6 ta oltin, 17 ta kumush va 34 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
Tizimdagi barcha ijod maktablari 2024/2025-oʻquv yilida Respublikada oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari natijalari boʻyicha kuchli oʻntalikdan joy oldi.
Albatta, ushbu yutuqlar mamlakatimizda ta’lim sohasiga berilayotgan yuksak e’tibor samarasi, shuningdek, tizimdagi maktablar o‘quv jarayoni xalqaro hamkorlik asosida yanada takomillashtirilayotgani natijasi hamdir.
Agentlik tomonidan joriy yilda jahonning nufuzli ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik sohasida quvonarli natijalarga erishildi. Xususan, Prezident maktablarining ijrochi va akademik direktorlari hamda STEM fanlari bo‘yicha xorijiy va mahalliy o‘qituvchilari uchun Kembrij xalqaro ta’lim tashkilotining 2025/2027-o‘quv yillari uchun ishlab chiqilgan yangi dasturlarining taqdimoti, o‘qitish metodikasi, laboratoriya ishlari bilan tanishtirish maqsadida ilmiy-amaliy treninglar haftaligi tashkil etildi.
Tizimdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi Xalqaro bakalavriat tashkiloti (IB) dasturini joriy qilishning 1-bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lib, akkreditatsiyaga tayyorgarlik jarayoni yakunlandi.
Ta’kidlash lozim, Agentligimiz huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi hamda IB tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolangan.
Shuningdek, joriy yilning may-iyun oylarida Agentlik va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi tomonidan “Incheon ta’lim festivali” o‘tkazildi. 13-14-avgust kunlari o‘tkazilgan “Tabiiy fanlar ta’limi” festivali esa tabiiy va aniq fanlarga asoslangan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish orqali yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirgan holda ularning ixtisoslashgan xalqaro dasturlar, loyihalar va tanlovlarda ishtirok etishini ta’minlash, yaratuvchanlik qobiliyatini shakllantirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda tizimda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar orasida yaratuvchanlik g‘oyalarini shakllantirish va ularni amaliyot bilan bog‘lagan holda o‘quvchilarga yoritib berish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadlarini o‘z ichiga oldi.Bundan tashqari Agentlik rahbariyati va xorijiy davlatlarning delegatsiyalari o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Cognia xalqaro ta’lim tashkiloti bilan bo‘lgan muloqotda Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari faoliyatini o‘rganish va takomillashtirishda, maktablarda ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda hamkorlik qilish kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Cognia xalqaro ta’lim tashkiloti hozirda 80 ga yaqin mamlakatda 25 milliondan oshiq o‘quvchi va 1 milliondan ortiq o‘qituvchilarni qamrab olgan bo‘lib, 36 000 dan ortiq ta’lim muassasalariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, ushbu tashkilot maktablarni akkreditatsiyadan o‘tkazish, sertifikatlashtirish, baholash, tadqiqotlar olib borish, ta’lim sifatini oshirish, sifatli ta’lim resurslari bilan ta’minlash, o‘qituvchilar uchun onlayn platforma hamda offlayn tarzda kasbiy mahoratlari va malakalarini oshirish bo‘yicha yuqori sifatli professional xizmatlar taqdim etib kelmoqda.
Agentlikda Koreya Respublikasining Woosong universiteti Xalqaro fakultetlar ijrochi direktori Yu Tek Li, Raqamli kampus dasturi bosh menejeri Seung Jun Li bilan uchrashuv tashkil etildi.
Shuningdek, Agentlik va Koreya Respublikasining SKKU (Sungkyunkwan University) universiteti bilan memorandum imzolangan bo‘lib, kelishuv natijasida universitet Agentlik tizimidagi maktab o‘quvchilariga 2025-o‘quv yilida 100 va 50 foizlik grantlar ajratishni rejalashtirgan.
Koreya Respublikasining Incheon Metropolitan City ta’lim boshqarmasi vakillari esa tizimdagi maktablarimizda bo‘lib, ta’lim dasturlari, baholash tizimi, o‘quvchilarning zamonaviy axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va robototexnika kabi yo‘nalishlarda yaratgan loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Agentligimiz tizimidagi Qarshi shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga Vengriyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja tashrif buyurdi. Vengriya elchisi maktab faoliyati bilan yaqindan tanishib, bu yerda o‘quvchi-yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholadi.
Buxoro shahridagi Prezident maktabiga Buyuk Britaniya olimlari tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Sussex universiteti professorlari Simon Thompson, Marcelo Starikoff, Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov Prezident maktabi pedagoglari, oʻquvchilar bilan samimiy muloqot qildi. Mehmonlar Buyuk Britaniyada oliy taʼlim tizimi, taʼlim dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Taʼkidlash lozimki, Agentlik va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarda taʼlim jarayonlarini samarali tashkil etish, oʻquvchilar va oʻqituvchilar almashinuv dasturlari, tizimdagi maktablarda STEAM fanlari, xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqish kabi masalalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Agentlik tizimidagi taʼlim maskanlari ichida Prezident maktablari muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumot oʻrnida, 2024/2025-o‘quv yili uchun kirish imtihonlaridan eng yuqori ball to‘plagan jami 336 nafar o‘quvchi 14 ta Prezident maktabining 5-sinfiga qabul qilindi.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, zamonaviy bilimlarni egallash ishtiyoqida bo‘lgan yoshlarimiz safi yildan-yilga oshmoqda. Birgina misol, bu yil Prezident maktablariga yangi o‘quv yili qabuli uchun 62 062 ta ariza kelib tushib, bir o‘quvchi o‘rniga o‘rtacha 185 nafar talabgor to‘g‘ri keldi. Bu Davlatimiz rahbarining alohida tashabbusi va e’tibori bilan tashkil etilgan Prezident maktablari ta’lim sohasida lokomotivga aylanganining yaqqol isbotidir.
Darhaqiqat, bugun respublikamizning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan Prezident maktablari o‘quvchilari salmoqli natijalarga erishmoqda.
2023/2024-o‘quv yilida jami Prezident maktablarini 319 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, bitiruvchilarning 100 foizi xalqaro til bilish sertifikatlarini qo‘lga kiritdi (eng yuqori ball 8.5 ball), 80 foizi (255 nafar) hamda xalqaro SAT sertifikatiga ega bo‘ldi (eng yuqori ko‘rsatkich 1560 ball). Kembrijning A-level imtihonlarida bitiruvchilarning 70 foizi tomonidan ijobiy natija qayd etildi (o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ko‘p).
Prezident maktablari bitiruvchilarining 100 foizi muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Jumladan, Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Abdulaziz Sobirov xalqaro reytingda TOP-5 likka kiruvchi Garvard universitetiga 354,000 AQSH dollari miqdoridagi 100 foizlik grant va Sayfullo Saidov TOP-20 ga kiruvchi Prinston universitetiga 350 000 AQSH dollari miqdoridagi grant bilan o‘qishga qabul qilindi. Shu bilan bir qatorda, yana 34 nafar bitiruvchi turli nufuzli universitetlardan 100 foizlik grantlarni qo‘lga kiritdi.
Xiva shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Zulfiya Shomurotova ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, mazkur maktab bitiruvchisi Og‘abek Yo‘ldoshov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga munosib ko‘rildi.
Prezident maktabi o‘quvchilari 2024-yilda Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya, Xalqaro Jautikov, Xalqaro fizika, Xalqaro matematika, Xalqaro iqtisod, Xalqaro Standartlar kabi nufuzli xalqaro olimpiadalarda umumiy hisobda 10 ta (4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza) medalni qo‘lga kiritdi.
Albatta, ushbu natijalar yosh-avlod ta’lim-tarbiyasidagi yangi marralarga yo‘l ochadi. Bu borada chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra Prezident maktablarida ikki semestrlik o‘quv dasturiga o‘tiladi. Bu orqali ta’lim jarayonlari xalqaro standartlar talablariga moslashtiriladi hamda baholash jarayonlarida yanada qulaylik yaratiladi.
Prezident maktablarida ta’lim va baholash jarayonlarini raqamlashtirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish yuzasidan seminar-treninglar tashkil etish maqsadida “Pearson-Edexcel” xalqaro ta’lim tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, 9-sinf o‘quvchilari uchun IGCSE daraja imtihonlari joriy etiladi. Bu orqali o‘quvchilarning iqtidorini erta aniqlash, o‘quvchining o‘zlashtirishida mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish, o‘qituvchilar va o‘quvchilarning mas’uliyatini oshirishga erishish ko‘zda tutilgan.
Agentlik tizimida “Yangi O‘zbekiston” universiteti ham faoliyat yuritib, mazkur oliy ta’lim maskani o‘quv jarayonida xalqaro hamkorlik aloqalaridan samarali foydalanib kelmoqda.
Xususan, noyabr oyida Germaniyaning Bavariya federal o‘lkasi Davlat kanselyariyasi Xalqaro munosabatlar departamenti rahbari o‘rinbosari Kristof Shtyokle boshchiligidagi delegatsiya “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda delegatsiya a’zolari universitetning talabalarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatishga qaratilgan ta’lim dasturlari bilan tanishdi.
Shuningdek, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda zamonaviy o‘quv dasturlarni ishlab chiqish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Massachusetts texnologiya instituti J-Well “Yangi O‘zbekiston” universitetining eng yaqin hamkorlarida biri. Ikki tomonlama hamkorlik ta’lim sifati hamda professor-o‘qituvchilar salohiyatini yanada oshirish, talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratish va “Yangi O‘zbekiston” universitetining xalqaro maydondagi obro‘yini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Massachusetts texnologiya instituti J-WEL va “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘rtasida kelishuv imzolangan bo‘lib, oliygoh talabalari dunyoning 1-raqamli universitetida amaliyot o‘tash va malaka oshirish imkoniyati yaratilgan. Ya’ni talabalar MIT professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etiladigan darslarda ishtirok etishlari, ilmiy tadqiqotlar olib borishlari, o‘z loyihalarini yanada rivojlantirishlari va MIT laboratoriyalarida eksperimentlar o‘tkazadilar.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, voyaga yetguniga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratilmoqda. Ayni jarayonga Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ham faol hissa qo‘shib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga qodir avlodni kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: “Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli boʻlib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, koʻplab ijtimoiy muammolarni echish imkoni tugʻiladi. Shunday ekan, Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, oʻylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qoʻllab-quvvatlaydi”.
Sevara Shakirova,
Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari
agentligi direktorining oʻrinbosari