Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi
2021 yil 30 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjaev olib bordi.
Majlis kun tartibidan Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini oldini olish bo‘yicha yo‘riqnoma talablarining ijrosi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining axboroti to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar joy oldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.
Komissiya a’zolari dastlab Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e’tibor qaratib keladi. Saylov kodeksining 31-moddasida Saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishi mumkinligi belgilangan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi va tavsifi tasdiqlandi. Qarorga ko‘ra, har bir saylov uchastkasi ko‘zi ojiz saylovchilarning saylov byulletenini to‘ldirishda foydalanishlari uchun ikki donadan trafaretlar bilan ta’minlanadi. Saylov uchastkalarida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtiriladi. Zaruratga ko‘ra, saylov uchastkalarida ko‘zi ojiz saylovchilar uchun optik lupalar, yoritkichlar o‘rnatilishi mumkin.
Nogironligi bo‘lgan saylovchilar gavjum yashaydigan hududlarda, ehtiyoj bo‘lsa ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport bilan ta’minlash choralarini ko‘rish, saylov uchastkasi joylashgan binolarning kirib-chiqish joylariga eni kamida 90 sm va chiqish burchagi 300 dan ko‘p bo‘lmagan nishab yo‘lakchalar o‘rnatish ishlarini yakunlash, binolarga nogironligi bo‘lgan saylovchilarning kelib-ketishi va bino ichida erkin harakatlanishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishini oldini olish bo‘yicha yo‘riqnoma talablarining ijrosi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining axboroti tinglandi.
Qayd etilganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan COVID-19 pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda mamlakat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va sog‘lig‘ini muhofaza qilishni samarali ta’minlash bo‘yicha eng muhim, kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘riladi.
Saylov okruglari hududida epidemiologik vaziyatning kunlik tahlili olib boriladi va zaruratga ko‘ra saylov komissiyalariga tegishli tavsiyalar beriladi. Saylovni o‘tkazish davrida okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan bino va xonalarni o‘z vaqtida dezinfeksiya qilinadi, shuningdek, ularda epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkaziladi.
Komissiya a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 47 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha MSKga taqdimnomalar kiritildi. Unga muvofiq majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq YeXHT DIIHB (1), Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (18), Islom hamkorlik tashkiloti (4), Amerika qo‘shma shtatlari (1), Germaniya (1), Koreya Respublikasi (1), Malayziya (5), Misr (1), Ozarbayjon Respublikasi (4), Rossiya Federatsiyasi (4), Ukraina (5), Yaponiya (1), Qozog‘iston Respublikasi (1) davlatlaridan 47 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Shunday qilib, shu kunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar umumiy soni 159 nafarni tashkil etmoqda. Markaziy saylov komissiyasi xalqaro kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun mandatlarni qonunda belgilangan muddatda taqdim etmoqda.
Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasiga yana 45 ta OAV tomonidan murojaat kelib tushgan. Majlisda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror loyihasi bir ovozdan ma’qullandi va 45 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 172 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy OAV vakillari jami 1253 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari esa 48 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 21 va 25-moddalari hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tavsiyasiga asosan Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 avgustdagi 1099-son qarori bilan tasdiqlangan 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Majlis davomida Samarqand, Farg‘ona va Xorazm saylov okruglari raislarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Majlisda kun tartibiga kiritilgan qarorlar ochiq ovoz berish orqali, komissiya a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. Qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati