Mamlakatimizda MDH saylovlarni kuzatish missiyasi o‘z faoliyatini boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Ijroiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Leonid Anfimov boshchiligida MDH saylovlarni kuzatish missiyasining uzoq muddatli kuzatuvchilari mamlakatimizga tashrif buyurdi.
29-sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev mehmonlarni saylov kampaniyasi bilan tanishtirib, saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda Saylov kodeksiga muvofiq ochiq va oshkora o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, ayni damda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti jarayoni boshlangani, saylovoldi tashviqotini olib borish va ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilganligi qayd etildi.
Uchrashuv davomida ta’kidlanganidek, MDH kuzatuvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Toshkent shahrida missiyaning shtabi ish boshlaydi.
Missiya o‘z faoliyati davomida saylov jarayoni borishi haqida materiallarni to‘plash va tahlil qilish, saylov qonunchiligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va televizion dasturlar hamda bosma ommaviy axborot vositalarida chiqayotgan saylovga oid materiallarni monitoring qilish, nomzodlarning saylov shtablarida uchrashuvlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, Markaziy saylov komissiyasi shu kunga qadar 112 nafar xalqaro kuzatuvchini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Uchrashuvdan so‘ng L.Anfimov ommaviy axborot vositalari vakillariga Missiya faoliyati yuzasidan murojaat qildi.
Tashrif doirasida delegasiya a’zolarining bir qator vazirlik va idoralarda uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati