O‘zbekiston Prezidenti O‘zbekiston qahramonlari mehnatini eʼtirof etdi
Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida bir guruh yurtdoshlarimizga faxriy unvonlar, orden va medallarni tantanali ravishda topshirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan to‘rt nafar yurtdoshimiz mehnatlarini eʼtirof etdi.
– Bugungi quvonchli kunda «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan – qishloq xo‘jaligida ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan ilg‘or fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedovni, jahon miqyosida tan olingan yirik matematik olim, akademik Shavkat Ayupovni, o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandasi, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim G‘afurovni, noyob ovozi, betakror ijro mahorati, o‘zbek ayoliga xos go‘zal fazilatlari bilan dunyoni maftun etib kelayotgan sevimli sanʼatkorimiz Munojot Yo‘lchiyeva kabi mashhur yurtdoshlarimizni barchamiz chin yurakdan olqishlaymiz, – dedi davlatimiz rahbari.