O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi
O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbarining ushbu farmonida Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan qarshi olayotgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizning mehnatini eʼtirof etish vazifalari belgilandi.
Unga ko‘ra, ushbu esdalik nishoni bilan mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan, davlat iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo‘lib kelayotgan, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko‘rsatayotgan fuqarolar mukofotlanadi.
Farmonga binoan, Vazirlar Mahkamasi «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika idoralari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, Bosh vazir, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlar «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekiston Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshiradi.