Tadbirkorlikni jadal va yanada keng rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish – eng muhim vazifamizdir
(2021 yil 20 avgust, Toshkent shahri)
Hurmatli tadbirkorlar va uchrashuvimiz ishtirokchilari!
Avvalambor, bugun barchangizni sog‘-salomat va ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan behad xursandman.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom ma’nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlash lozim. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani uning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu boisdan ham agar biz iqtisodiyotimizni, ijtimoiy sohani yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.
Albatta, keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berildi.
Eng asosiysi, el-yurtimiz o‘rtasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘si va mavqei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi.
Masalan, birgina Namangan viloyatida – “Chust Textile” (aka-uka Ismatullayevlar), “Art Soft Holding” (aka-uka Boboxonovlar), Toshkent shahrida – “Techno export” (Sherzod Qosimov), Toshkent viloyatida – “New Way Industries” (Sardor Abbosxonov), Samarqandda – “Oxalik Oltin Bog‘i Mevasi” (Olim Soliyev) kabi korxonalar o‘z faoliyatini “nol”dan boshlab, hozirgi kunda 10-15 million dollarlik mahsulot eksport qilmoqda. Ayni paytda ularning har biri minglab ish o‘rinlarini yaratib, nufuzli yirik kompaniyalarga aylangani diqqatga sazovordir.
Ta’kidlash kerakki, bunday yuqori samarali faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar har bir hududda ko‘plab topiladi. Misol uchun, Andijonda – “Dinar tekstil” (Hadiyatillo Tillaboyev), Qashqadaryoda – “Bunyodkor” (G‘olib Erqulov), Sirdaryoda – “Sirdaryo mega lyuks” (Muhiddin Normatov), Farg‘onada – “Fergana global textile” (Mo‘minjon Razaqov), Xorazmda – “Xorazm tex” (Alisher Sobirov), Jizzaxda – “Sangzor tekstil” (Otabek Xo‘jametov), Buxoroda – “Parvoz xumo ravnaq trans” (Shermuhammad Ochilov), Surxondaryoda – “Indenim klaster” (Sherzod Shoymardonov), Navoiyda – “Baht-Textile” (Bahriddin Mo‘minov) kabi korxonalar, qisqa muddatda ishlab chiqarish, eksport va ish o‘rinlarini 10-15 barobar oshirishga erishganini alohida qayd etib o‘tmoqchiman.
Kamol Abdullayev, Qutlimurat Panayev, Murtazo Rahmatov, Ulug‘bek Sotiboldiyev, Ulug‘bek To‘xtaboyev, Murod Yoqubov, Zafar Hoshimov, Shavkat Jamolov, Murod Nazarov, aka-uka Mamasaidovlar, Farrux Fuzailov, Baxtiyor Azizxo‘jayev, Farhod Mamajanov, Bekzod Mamatqulov, Baxtiyor Umarov kabi nufuzli tadbirkorlarimiz esa o‘z bizneslarini butun mamlakat miqyosida kengaytirib bormoqda.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni ko‘rib turganimdan benihoya xursandman.
Biz keyingi 2 yilning o‘zida faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirdik. Ular o‘z biznesini boshlashi, jumladan, kasb va tadbirkorlikni puxta o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Namangandan – Anna Dobrix, marg‘ilonlik – Nargiza Aminova, xorazmlik – Shahlo Yo‘ldosheva, Toshkent shahridan – Munira Qoriyeva, Madina Ayupova, Toshkent viloyatidan – Nargiza Bekmurodova, surxondaryolik – Muhabbat Qayumova kabi yuzlab ayollarimiz bugungi kunda el-yurtimizga tanilgan tadbirkorga aylandilar.
So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda yosh tadbirkorlar 5 barobar ko‘payib, ularning soni 500 mingdan oshdi.
Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Qadrli tadbirkor do‘stlarim!
Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarimizni, o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz va ularni qadrlaymiz.
Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov va qiyinchiliklar paytida ham xalqimizga madadkor bo‘lib, o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan tadbirkor do‘stlarimga bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.
Ana shunday faol va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga, chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida, birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan minnatdorchilik xatini imzoladim.
Ana shu tadbirkorlarimizning 50 nafari shu zalda, yana 50 nafari esa hududiy studiyalarda qatnashmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va g‘ayrat-shijoatli tadbirkor va ishbilarmonlarga yana bir bor chuqur tashakkur bildiraman va sizlarning safingiz butun mamlakatimiz bo‘ylab kun sayin kengayib borishiga astoydil ishonaman.
Aziz yurtdoshlar!
Bugun ilk bor mutlaqo yangicha formatda – ochiq muloqot shaklida sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, biznes sohasidagi muammo va masalalar haqida batafsil gaplashib olishga qaror qildik.
Xabaringiz bor, kambag‘allikni qisqartirish, “mahallabay” ishlab, joylarda o‘sish nuqtalarini aniqlash, ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha katta marralarni belgilab olganmiz. Bu borada davlat idoralari va xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilotlar tadbirkorlar bilan har kuni yaqin hamkorlikda ishlab, ularga amaliy yordam ko‘rsatishi shart.
Bugungi muloqotga tayyorgarlik jarayonida ko‘plab savol va takliflar tushgani sababli murojaatlarning qabul muddatini 1 avgustdan 10 avgustga qadar, ya’ni 10 kunga uzaytirishga majbur bo‘ldik. Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushdi va shu kungacha joylarda ularning ko‘pchiligi hal etildi.
Ayniqsa, Andijon, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida ishlar tizimli tashkil qilinib, tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari qisqa fursatlarda hal qilib berilgani, albatta, quvonarli hol.
Qayerda muhit yaxshi bo‘lsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini to‘g‘ri tushungan bo‘lsa, o‘sha yerda ish uslubi, tadbirkorlarga munosabat o‘zgargan. Aksincha, tadbirkorning dardi bilan yashamagan, ular ko‘targan muammolarning ichiga kirmasdan, ko‘mak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning o‘zi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda o‘rin yo‘q va kelajakda ham shunday bo‘ladi.
Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari – amaldagi islohotlarimiz ko‘zgusidir. Shu bois har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni o‘zlarining faoliyatiga berilgan baho, deb bilishlari, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, mazkur yo‘nalishda keskin o‘zgarishlar qilishlari zarur va shart.
Tashabbus ko‘rsata olmaydigan, yangi-yangi g‘oyalarni ko‘tarib chiqishga, o‘zgarish qilishga intilishi bo‘lmagan rahbarlarga nisbatan talab va choralar juda qattiq bo‘ladi.
Hurmatli biznes vakillari!
Men sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman.
Bugungi kunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik. Bugun sizlar bilan birgalikda ularni batafsil muhokama qilib olmoqchimiz.
Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq. Ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.
Masalan, Urgutda elektr texnikasi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan “Sam Elektro Servis” korxonasi ikki yarim milliard so‘m kreditni 3 yil muddatga olgani, korxona foyda bilan ishlashi uchun esa, unga kamida 5 yil muddat kerakligini ta’kidlagan.
Haqiqatan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.
Shuningdek, banklar tomonidan 18 mingga yaqin tadbirkorga yillik 8-10 foizda xorijiy valyutada berilgan kredit, valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobidan, qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda. Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida og‘ir yuk, to‘siq bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda. Shu bois tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.
Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari bo‘yicha qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.
Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablag‘lar ana shu banklarga ajratiladi.
Ikkinchidan, yuqorida qayd etilgan mablag‘larni jalb etmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi. Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 5 trillion so‘mlik yevrobondlar chiqariladi.
Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor, zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lgan yirik xorijiy banklarning yurtimizga kirib kelishi uchun keng imkoniyatlar yaratamiz. Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.
Bugungi yig‘ilishda qatnashayotgan har bir bank rahbari “tobora kuchayib borayotgan raqobatga munosib bo‘lish hamda tadbirkorlarni rozi qilish uchun nimani o‘zgartirishim kerak”, degan savolni o‘ziga berishi va jiddiy xulosa qilishi lozim.
Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qat’i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so‘m”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Xorijiy valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar. Shu bois Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi. Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘tkazib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.
Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkor uchun qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi. Mazkur kompaniya barcha hudud va tarmoqlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi.
To‘rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.
Ushbu masala yechimiga Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Beshinchidan, joriy yil 1 oktabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.
Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobidan tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi. Buning hisobidan tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
O‘ylaymanki, bunday yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlikning rivojiga kuchli turtki beradi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin kredit bo‘yicha foiz stavkalarini sun’iy pasaytirsak, pul-kredit bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.
Bu borada foiz stavkalariga bevosita ta’sir etadigan inflyatsiyani, yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.
Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda. Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa, yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.
Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.
Oltinchidan, islohotlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Endi bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta’minotchini qayerdan topaman, deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.
Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish va sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn shaklida hal etiladi. O‘z navbatida, ushbu platforma ta’minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion so‘mlik bozor yaratadi. Ya’ni, ta’minotchilar uchun o‘zlari ishlab chiqargan asbob-uskunalar, xomashyo va tayyor mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyati yaratiladi.
Iqtisodiy kompleks rahbarlari – Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi M.Nurmurodov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni atroflicha tushuntirib, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishlari zarur. Bu borada ishni mahallabay tashkil etish bo‘yicha Andijon tajribasini butun mamlakat bo‘ylab keng qo‘llash lozim bo‘ladi.
Yettinchidan, ko‘plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida bankdan tashqari kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo‘lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so‘ralgan. Bu masala Andijondan “Almaz Finans” korxonasi rahbari Olimjon Oxunov va Jizzaxdan “Diamond-N Trade Capital” korxonasi rahbari Sherzod Soatovning murojaatlarida ham ko‘tarilgan.
Bu takliflar bizga juda ma’qul. Shuning uchun joriy yil 1 oktabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi ular o‘z faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya.
Shuningdek, bundan buyon ularga kassa uchun xonalar tashkil etish, hududlarda filiallar ochishda Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi. Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so‘m) va mikrolizing (600 million so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb etish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar, xuddi banklar kabi, to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo‘ladi.
Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 10 trillion so‘m mablag‘ shakllanadi.
Ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirishga oid.
Ma’lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi.
Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi. Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan.
Budjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobidan 7 mingga yaqin korxonalar har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldi. Masalan, birgina “Andijonkabel” korxonasi ixtiyorida 11 milliard so‘m, “Lactalis Agro” qo‘shma korxonasida esa 3 milliard so‘m mablag‘ qoladigan bo‘ldi.
Mol-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobar kamaytirildi.
Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektr texnikasi sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.
Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi. Lekin soliq stavkalari va soliq ma’murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali juda ko‘p.
Birinchidan, o‘tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, deb bezovta bo‘lmoqda. Ushbu masalada maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bo‘lgan Sirdaryodan – “AWP” qo‘shma korxonasi (Komil Mirzayev), Toshkent viloyatidagi – “Steel Pipe Company” (Azizxon Hafizxonov) kabi 70 dan ziyod korxona vakillari murojaat qilgan.
Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020 yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi. Bunga qonun bilan kafolat berilgan. Jumladan, ushbu tadbirkorlar investitsiya miqdoridan kelib chiqib, mol-mulk, yer va suv soliqlaridan 10 yilgacha ozod qilingan edi.
Endi ushbu imtiyozlarga foyda solig‘i ham qo‘shiladi va korxonalar ixtiyorida yiliga qariyb 300 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Masalan, “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi “Temur Med Farm” korxonasi o‘tgan 6 oyda 4 milliard so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, ikkinchi yarim yillikda esa kamida shuncha mablag‘ uning o‘zida qoladi.
Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xomashyo import bojidan ozod etiladi. Misol uchun, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Jizzax Toshtepa Textile” korxonasi mahsulotini to‘liq eksportga sotadi. Bu imtiyoz evaziga ushbu korxona olib kelgan 1 million dollarlik xomashyo va yarim tayyor mahsulotga 2,2 milliard so‘mlik bojxona imtiyozi beriladi.
Ayni paytda bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha katta islohotlarni olib boryapmiz. Shu bois maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi. Bunday tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.
Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi.
Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha Toshkent shahridagi “Shah-Polan M”, Farg‘onadagi “Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” kabi 50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan. Masalan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shag‘al aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.
Shu bois noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Buning hisobidan 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi. Masalan, “Huaxin Cement Jizzakh” qo‘shma korxonasi o‘z ixtiyorida qolgan 27 milliard so‘m mablag‘ni o‘z faoliyatini yanada kengaytirishga sarflashi mumkin bo‘ladi.
Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Qisqa muddatda yangi ish o‘rinlarini yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.
Mana, pandemiya hanuz davom etyapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik og‘ir bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz, albatta.
Bu borada umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan o‘tgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shu bois jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari bo‘yicha to‘lov muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.
Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar? Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qoladi, degani.
To‘rtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud.
Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va hozirgi paytgacha qo‘llangan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.
Beshinchidan, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.
Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub’ektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.
Hozirgi vaqtda 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.
Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani meni xavotirga solmoqda. O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llangan bo‘lsa, joriy yilning 6 oyida 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan.
Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev, adliya vaziri R.Davletov, Biznes-ombudsman D.Qosimov bir oy muddatda soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin.
Oltinchidan, amaldagi tartibga binoan, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobot topshirish bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur. Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik, degani.
Moliya vaziri T.Ishmetov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev bu masalani chuqur o‘rganib, kelgusi yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.
Yettinchidan, “SAG Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullayev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachyot”ga olish, ya’ni o‘zaro hisob-kitob qilish imkoniyatini so‘ragan.
“SAG Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million so‘m ortiqcha to‘lovi bo‘laturib, bojxonada 1,4 milliard so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi. Ya’ni, soliq idoralarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud ortiqcha to‘lovlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Uchinchi yo‘nalish. Tadbirkorlarni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan yana biri – yer ajratish masalasi bo‘yicha 4 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan.
Joriy yilda ushbu yo‘nalishda katta islohotlarni boshladik. Bu borada Oliy Majlis palatalari tomonidan ma’qullangan qonunni kuni kecha imzoladim. Bu hujjatning qabul qilinishi mamlakatimizning yangi tarixida islohotlar yo‘lidagi eng katta qadamlardan biri bo‘ldi, deb hech bir mubolag‘asiz ayta olamiz. Mana shu islohotlarning ma’no-mazmunini tarmoq va hudud rahbarlari ham, tadbirkorlar ham, aholimiz ham yaxshi tushunib olishlari zarur.
Birinchidan, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov ob’ektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.
Ikkinchidan, biz barcha yerlarni ikki toifaga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yerlari va qishloq xo‘jaligiga kirmaydigan yerlarga ajratdik.
Qishloq xo‘jaligi yerlari – bizning bebaho milliy boyligimiz, bu – oziq-ovqat xavfsizligining asosi, oddiy qishloq aholisining kundalik hayoti, degani. Shuning uchun ushbu yerlar ochiq tanlov asosida faqat ijaraga beriladi. Tanlov – har bir yer uchastkasi bo‘yicha “bu yerni olishga kim eng ko‘p haqli?” degan savolga adolatli javob topish uchun o‘tkaziladi.
Bu tanlovda barcha – dehqon ham, fermer ham, agrofirma va klasterlar ham teng shartlarda ishtirok etadi.
Uchinchidan, qishloq xo‘jaligiga kirmaydigan yer maydonlari esa faqat auksion orqali sotiladi.
Biz so‘nggi bir yarim yil davomida yerlarni auksion orqali ochiq-oshkora sotish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Lekin, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda auksionga qo‘yilgan yer maydonlari tadbirkorga ma’qul joylardan emas, balki olis, chekka hududlardan, infratuzilmasi bo‘lmagan joylardan berilgan.
Yaxshi yer maydonlari esa, har xil yo‘llar bilan hokimlar qarori asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri berib kelingani ham hech kimga sir emas.
Bundan buyon yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotiladi yoki ijaraga beriladi.
Ko‘pchilikda “yer xususiy bo‘ldi nima-yu, xususiy bo‘lmadi nima”, degan fikr bo‘lishi tabiiy, albatta. Chunki, bizda yerga nisbatan xususiy mulkchilik bekor bo‘lganidan buyon 3-4 ta avlod almashdi.
Bir narsani aniq bilib olish zarur: xususiylashgani bilan yer maydonlari kamayib yoki ko‘payib qolmaydi, lekin uning bozor qiymati paydo bo‘ladi. Yeri bor odam haqiqiy mulkdorga, kapital egasiga aylanadi.
To‘rtinchidan, ko‘pchilik tadbirkorlarni o‘z korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima bo‘ladi, degan savollar qiynayotgani ham bor gap. Ushbu korxonalarning hozir egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari, ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Ya’ni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining o‘zi haqli bo‘ladi. Bunda yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi.
Bundan keyin tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov ob’ekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘ylaymanki, bunday yangiliklar tadbirkorlarimiz uzoq yillar kutgan tarixiy adolatni ro‘yobga chiqaradi.
Beshinchidan, bundan buyon davlat mulki ob’ektlarini ular joylashgan yer bilan birga, yagona mulkiy majmua sifatida auksion orqali sotamiz.
Binoni sotib olgan tadbirkorlar unga biriktirilgan yerga ham xususiy mulk huquqi asosida egalik qiladi.
Tasdiqlangan dasturga qo‘shimcha ravishda yil yakuniga qadar yana 500 ta davlat aktivlari ochiq savdoga chiqariladi.
Fursatdan foydalanib, hurmatli tadbirkorlarimizni ushbu savdolarda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Oltinchidan, bundan keyin yangi yer maydonlarini auksionga chiqarishdan oldin har bir hududni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejani tuzib olishimiz zarur.
Ko‘plab taraqqiy topgan davlatlar tajribasini o‘rganganimizda, birorta mamlakatda yer maydonlarini rejasiz berib yuborish mumkin emasligiga guvoh bo‘ldik. Oldin aniq hudud tanlab olinib, uning “master-plani” ishlab chiqiladi.
Qayerda – uy, qayerda – maktab, qayerda – ishlab chiqarish bo‘lishi aniq belgilanib, infratuzilmalar yaratish rejasi tuziladi. Shundan keyingina yer uchastkalari aniq loyiha bilan savdoga chiqariladi.
Shuning uchun viloyat hokimlari kadastr va arxitektura idoralari bilan birga, ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etishlari, aniq hududni belgilab, rejasini tasdiqlab, keyin yerlarni auksionga qo‘yishlari lozim.
Shuningdek, har bir viloyatda maxsus jamg‘armalar tashkil etiladi va yer maydonlarini sotishdan tushgan mablag‘ to‘liq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, viloyat hokimlari va iqtisodiy kompleks bilan birga, joriy yil 1 noyabrga qadar har bir hududda kamida mingtadan yer maydonini sotuvga chiqarsin. Shuningdek, magistral yo‘llar bo‘yida loyiha asosida har bir hududdan kamida 200 tadan yer maydoni auksionga qo‘yiladi.
To‘rtinchi yo‘nalish. Biznes uchun zarur bo‘lgan infratuzilma muammolarini 3 mingga yaqin tadbirkorlar ko‘targan.
Masalan, Sirdaryoda “Gulistan Gold Yarn” korxonasi (Sherzod Toshpo‘latov) uzoq muddatdan beri elektr tarmog‘iga ulana olmagan. Vaholanki, ishlab chiqarish asbob-uskunalari va o‘z hisobidan transformatorgacha olib kelgan. Unga ozgina yordam berilsa, korxona 600 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratishga tayyor.
Bunday mazmundagi murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Farg‘ona viloyatlaridan ko‘plab kelib tushgan. Shuning uchun, birinchidan, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni hal etish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Bunday imtiyoz, hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qo‘llanib kelinmoqda.
Ikkinchidan, kelgusi 2 yilda mamlakatimiz bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonasi tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish mo‘ljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlariga ulanish va yo‘l infratuzilmasini yaratish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda davlat budjetidan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari J.Qo‘chqorov va S.Umurzoqov, viloyat hokimlari bilan birga, shu yil 1 noyabrga qadar sanoat zonalarining joylashuvi va aniq loyihalar bo‘yicha takliflarini tayyorlasin.
Bunday chora-tadbirlar Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi hududiy sanoatdagi ulushi ancha past bo‘lgan ayrim tumanlar uchun juda katta imkoniyat yaratadi.
Uchinchidan, elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘pchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham ayni haqiqat.
Bu masala bo‘yicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda. Masalan, joriy yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr elektr tarmoqlarini yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilning o‘zida ilk bor 3 trillion so‘m mablag‘ ajratganmiz. Holbuki, oldingi yillarda bu ishlarning 10 foizi ham bo‘lmagan.
Agar tahlil qilib ko‘rsak, so‘nggi 5 yilda elektr energiyasi iste’molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste’mol hajmi 30 foizga oshgan. Shu bois elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida tariximizda ilk bor bu sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xususiy biznes kirib keldi. Natijada shu yil yakuniga qadar to‘liq xususiy investitsiyalar hisobidan umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin ko‘paytirib, 2023 yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 megavattga oshirishi shart.
To‘rtinchidan, elektr tarmoqlariga ulanishdagi jarayonlarning murakkabligi, muddatlarning uzoqligi va xarajatlarning yuqoriligi tadbirkorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Masalan, iste’molchilarning 75 foizi 20 kilovattgacha quvvatli elektr ishlatadigan kichik sexlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisoblanadi. Lekin ularga ham xuddi yirik korxonalar bilan bir xil talablar qo‘yilgan.
Misol uchun, oddiy savdo do‘konini elektr tarmog‘iga ulash uchun 4 ta bosqichdan o‘tish, 7 million so‘m xarajat va bunga kamida bir oy vaqt talab etiladi.
Energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan ushbu masalada yangi qulay tizim joriy etiladi. Bunda elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.
Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi.
Agar elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi. Bu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.
Umuman, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya resurslari bilan ta’minlash mas’uliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishini qonun bilan mustahkamlab qo‘yamiz.
Beshinchi yo‘nalish. Eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni eksport faoliyatiga keng jalb etish borasida ham boshlagan islohotlarimiz qat’iy davom ettiriladi.
Birinchidan, o‘tgan yili pandemiya davrida to‘qimachilik korxonalariga eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tartibi amalda o‘z samarasini berdi.
O‘tgan yili 482 ta korxonaga qariyb 2 trillion so‘m qaytarilgan. Bu yangilik ham yangi tariximizda birinchi marta bo‘lyapti. Joriy yil 1 oktabrdan ushbu tartib barcha tarmoqlarning halol ishlaydigan va intizomli boshqa eksportyorlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ikkinchidan, ko‘plab eksport qiluvchi korxonalarning asosiy muammolaridan biri, bu – aylanma mablag‘ yetishmasligidir.
Ushbu masalani 300 dan ziyod tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarida ham ko‘rish mumkin. Shuning uchun o‘tgan yili Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Bu tizimdan 200 ta korxona unumli foydalanib, qo‘shimcha 210 million dollarlik mahsulotlarini chetga eksport qildi. Endi bu imkoniyatlar yanada kengaytirilib, yiliga 20 million dollardan ortiq eksport qiluvchi korxonalarga 5 million dollargacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Uchinchidan, ko‘plab tadbirkorlar yuqori sifat va nazorat tizimiga ega bo‘lgan mamlakatlardan (Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi) sertifikatlangan asbob-uskuna va xomashyolarni olib kelganida, milliy sertifikat olish talabi mavjudligini e’tiroz sifatida qayd etishgan. Masalan, asbob-uskunalar va xomashyoga sertifikat olishda 2-3 million so‘m xarajat, 5-10 kun muddat talab etiladi.
Shu bois Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligidagi komissiya bir oy muddatda bunday davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.
To‘rtinchidan, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish hamda tannarxni kamaytirish maqsadida bojxona bojlari 2 barobar pasaytirilganidan barchangiz xabardorsiz.
Shu bilan birga “Milk Euro Food” (Toshkent viloyati), “SDK Group And” (Andijon), “Wooll Teks Inter” (Toshkent shahri) kabi korxonalar tomonidan hozirgi kunda olib kelinayotgan xomashyo importi uchun boj stavkalari tayyor mahsulotga qaraganda yuqori ekani qayd etilgan. Ya’ni, ba’zi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdan ko‘ra, chetdan olib kelish tadbirkorga arzonroq bo‘lmoqda.
Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi bir oy muddatda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar uchun import boji stavkalarini pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.
Oltinchi yo‘nalish. Mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman, hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bog‘lashda transport-logistika masalalari muhimligini sizlar hammadan yaxshi tushunasizlar.
Bu borada transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali o‘tkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgani tufayli qariyb 800 million dollarlik eksport amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar ushbu korxonalar tomonidan eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettiramiz.
Buning uchun, birinchidan, yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berganimiz hisobidan avtotransportda tashish xizmatlari 2 barobar arzonlashdi, yuk hajmi esa, 1,5 marta oshdi. Lekin bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Shu bois 40 dan ziyod tadbirkorlar ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan. Ayni shuni inobatga olib, imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish bo‘yicha kuni kecha yangi qarorni imzoladim.
Ikkinchidan, “Polvontosh” (Surxondaryo), “Afrosiyob Parranda” (Samarqand) korxonalari rahbarlari ichki va tashqi temir yo‘l tariflari o‘rtasida katta farq borligi, ya’ni xalqaro tashuvlar narxi ancha yuqori ekanini bildirganlar.
Shu bois Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birga, ikki oy muddatda temir yo‘l tariflarini qayta ko‘rib chiqsin. Bunda tadbirkorlarga o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e’lon qilib boradi.
Uchinchidan, temir yo‘l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishda bo‘lganidek, faqat va faqat xususiy sektorni jalb etish orqali ijobiy hal qilish mumkin.
Shuning uchun kelgusi yilda o‘z vagoni va konteyneriga ega bo‘lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Bunda davlat tomonidan faqatgina temir yo‘l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi. Shu sababli xususiy tadbirkorlarga temir yo‘l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.
Yettinchi yo‘nalish. Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirish, sohadagi tartib-taomillarni soddalashtirish, xususiy mulk daxlsizligi borasidagi siyosatni qat’iy davom ettiramiz.
Avvalo, bugungi kunda, tadbirkorlar uchun nazarda tutilgan subsidiyalar olish jarayoni o‘ta murakkabligicha qolmoqda.
Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 80 dan ortiq subsidiyalar joriy etildi. O‘tgan davrda ularga 2,3 trillion so‘m ajratildi. Lekin maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, muqobil energetika, baliqchilik, parrandachilik, qorako‘lchilik kabi 10 dan ziyod sohalarda subsidiyalar ishlamayapti.
Mazkur masala Farg‘onadagi “Yulduzchalar ziyosi” xususiy bog‘chasi rahbari Ziyoda Qosimova tomonidan ham ko‘tarilgan. Bunga sabab – ushbu subsidiyalarni to‘lash tartibi murakkab va raqamlashmagan. Tadbirkor subsidiyani olish uchun o‘rtacha 5 ta hujjatni taqdim etishi, 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi zarur. Bunga kamida bir oy ketadi.
Bundan tashqari, 60 foiz chorvadorlar subsidiya olish jarayonini murakkab deb hisoblaydi. Shu bois kelgusi yil 1 yanvardan boshlab subsidiyalarni ajratish bo‘yicha murojaatlar “yagona darcha” tamoyili asosida qabul qilinadi, bu jarayonda ishtirok etadigan davlat idoralari soni 2-3 barobar qisqartiriladi.
Ikkinchidan, o‘tgan bir yilda tadbirkorlardan talab qilinadigan 400 dan ortiq litsenziya yoki ruxsatnomalardan 114 tasini bekor qildik. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnoma talab etiladigan 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Hozir 30 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar “onlayn” tarzda berilmoqda.
Kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.
Uchinchidan, Sirdaryo viloyatidagi “Wang Da Group” qo‘shma korxonasi rahbari Go‘zal Tojimirzayeva va metallurgiya sohasidagi 30 dan ziyod boshqa tadbirkorlarimiz induksion pechlardan foydalanishga ruxsat berilishini so‘raganlar. Ushbu murojaatlarni inobatga olib, shu yil 1 noyabrdan barcha texnik talablarga to‘la javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bunda mahsulot sifatini ta’minlash, ishlab chiqarishning yagona standart va xavfsizlik talablariga to‘la javob berishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
To‘rtinchidan, tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi ta’minlanishi shart. Buning uchun Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan barcha tekshirishlarda ishtirok etish va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish vakolati beriladi.
Beshinchidan, bugungi kunda mahalliy hokimliklar bino va inshootlarning buzilishi bo‘yicha 349 nafar tadbirkordan 123 milliard so‘m qarzdor.
Barcha viloyat hokimlarini ogohlantiraman: shu yil 1 sentabrga qadar tadbirkorlar bilan barcha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilishi, bir so‘m ham qarzdorlik qolmasligi shart.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Sizlar bildirgan muammo va takliflar bo‘yicha yuqorida qayd etilgan tashabbus va yechimlar yuzasidan qisqa muddatda tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Bugun men sizlarning ana shu masalalarga oid yana qanday fikr-mulohazalaringiz, qo‘shimcha taklif va savollaringiz bo‘lsa, eshitish va muhokama qilishga tayyorman.
Qadrli tadbirkor va ishbilarmonlar!
Biz yaqin yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish bo‘yicha oldimizga katta vazifalarni qo‘ymoqdamiz. Ularni hal etishda ko‘p millatli xalqimiz qatori, hech shubhasiz, mard va olijanob tadbirkorlarimizga tayanamiz.
Albatta, Yangi O‘zbekistonni qurishdek buyuk tarixiy jarayonda siz, hurmatli tadbirkorlar zimmasida ham mas’uliyat va islohotlarimizga nisbatan daxldorlik tobora ortib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shu borada quyidagi masalalarni alohida ta’kidlab aytmoqchiman.
Birinchidan, biz hozirgi keskin raqobat davrida, kichik biznesga har tomonlama sharoit yaratish bilan birga o‘rta va yirik biznesni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
Shu maqsadda tadbirkorlarimizga biznesni boshqarishdagi o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, faoliyatiga innovatsiya va ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga tayyormiz.
Ikkinchidan, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahsulot turini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, mavjud quvvatlardan yanada samarali foydalanishimiz zarur.
Ayniqsa, mis va gaz-kimyo sanoatlari kabi, qishloq xo‘jaligining oziq-ovqat, meva-sabzavot, baliqchilik, chorvachilik tarmoqlarida klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyat va resurslarimizni ishga solishimiz kerak.
Uchinchidan, ishlab chiqarishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha faollikni kuchaytirish, buning uchun import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish orqali, eksport hajmini oshirish va geografiyasini kengaytirishimiz lozim.
To‘rtinchidan, zamonaviy xizmat turlarini ko‘paytirish, “IT”, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda davlat xizmatlarini autsorsing asosida tashkil etishda ham xususiy sektor faol ishtirokchi va yetakchi bo‘lishi shart.
Beshinchidan, biznes vakillari ham o‘z kadrlari zamonaviy bilim olishlari uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishlari zarur.
Oliygohlarda o‘qitilayotgan tadbirkorlik va biznesni boshqarish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv dasturlari va metodologiyasini, amaliyot bilan uyg‘un bo‘lgan zamonaviy yondashuvlar asosida chuqur qayta ko‘rish talab etiladi.
El-yurtga tanilgan, tajribali tadbirkorlarimiz maktab, kasb markazlari, oliygohlarda motivatsiya va mahorat darslari o‘tkazib borsalar, o‘zlarining maktablarini, o‘quv markazlari va bazalarini tashkil etsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Misol uchun, aka-uka Hasan, Husan Mamasaidovlar bu borada ijobiy tajribaga ega. Buning uchun davlat tomonidan albatta subsidiya va boshqa yengilliklar beriladi. Shunda san’atkorlar, olimlar, sportchi va shifokorlar o‘rtasida bo‘lgani kabi tadbirkorlarimiz orasida ham yangi sulolalar shakllanadi.
Men yangi O‘zbekistonda ana shunday ko‘plab tadbirkorlar sulolalari paydo bo‘lishiga albatta ishonaman va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Oltinchidan, halol tadbirkor, intizomli soliq to‘lovchilar safini kengaytirish dolzarb vazifa bo‘lib, bu – yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning eng maqbul yo‘lidir.
Joriy yildan boshlab, ish o‘rni yaratishda, innovatsiyalarni tatbiq etishda, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashda, eksport qilishda, yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchamizga namuna bo‘ladigan biznes vakillari haqida har yili “Yilning ilg‘or tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi. Bunday tadbirkorlarimizni munosib taqdirlash va rag‘batlantirish uchun alohida davlat mukofotlarini ham ta’sis etamiz. Bundan buyon tadbirkorlarning o‘z orden va medallari ham bo‘ladi.
Aziz vatandoshlar, biznes hamjamiyati vakillari!
O‘ylaymanki, bugungi ochiq muloqotimiz barchamiz uchun juda foydali bo‘ldi.
Qanchadan-qancha masala va muammolarni samarali hal etish bo‘yicha sizlar bilan amaliy yechimlarni topdik. Eng muhimi, o‘rtamizdagi o‘zaro ishonch va hurmat yanada mustahkamlandi. Sizlar ko‘targan dolzarb masalalar, ularni hal qilish bo‘yicha berilgan aniq takliflardan ko‘rinib turibdiki, tadbirkorlarimizning bilim va saviyasi keskin o‘sgan, dunyoqarashi o‘zgargan, ish uslubi va innovatsion yondashuvlari bugun mutlaqo boshqacha.
Men bundan juda ham mamnun bo‘ldim.
Bugungi tajribamizdan kelib chiqib, ushbu uchrashuvlarni har yili tashkil etsak, buni yaxshi bir an’anaga aylantirsak, sizlarga ma’qulmi?
Shu munosabat bilan bugungi sanani, ya’ni 20 avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilib, uni har yili yurtimizda keng nishonlasak, bu tashabbusga nima deysizlar?
Ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlaganlaringiz uchun sizlarga katta rahmat!
Endi har yili aynan shu kuni Prezidentning biznes va ishbilarmon doiralar vakillari bilan ochiq muloqoti o‘tkaziladi. Bir yillik ishlarimiz natijalari sarhisob qilinib, eng ilg‘or biznes vakillari aynan shu kuni davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Ishonchim komil, bugun boshlangan yangi an’anamiz tadbirkorlik sohasida yil davomida ishlaydigan samarali tizimga aylanadi. Bunga Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman va joylarda hokimlar mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan Strategik rivojlanish agentligi tadbirkor va investorlarni qiynayotgan muammolarni, yuqorida nomlari qayd etilgan idoralar bilan birga tizimlashtiradi va ularni hal etish uchun aniq takliflar ishlab chiqib, Hukumat va Prezidentga kiritib boradi.
Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik va idora rahbarlari, hokimlar har hafta o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlarga chiqib, avvaldan e’lon qilingan grafiklar asosida tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammo va masalalarni yechishga ko‘maklashadi.
Takror va takror aytaman, ishning ko‘zini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topish uchun sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga ko‘taramiz.
Prezidentning talabi va boshlagan islohotlarimizning asl ma’no-mazmuni ham aynan shundan iborat.
Barchamiz ana shu talab asosida ishlasak, mehnat qilsak, albatta mamlakatimizda tadbirkorlik rivoji mutlaqo yangi bosqichga ko‘tariladi.
Men bunga ishonaman va barchangizni shu yo‘lda o‘zaro birlashish va hamjihatlikda harakat qilishga chaqiraman.
Aziz yurtdoshlarim!
Fursatdan foydalanib, Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik qutlug‘ bayrami bilan sizlarni chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik va oilaviy baxt tilayman.
Yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ezgu va xayrli ishlaringizda, sizga hamisha omad va zafar yor bo‘lsin!
Barchangizga katta rahmat!