O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA CHET EL FUQAROLARINING VA FUQAROLIGI BO‘LMAGAN SHAXSLARNING HUQUQIY HOLATI TO‘G‘RISIDA O‘RQ-692-son, 2021-yil 4-iyun
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 3-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2021-yil 23-aprelda ma’qullangan
Senat tomonidan 2021-yil 23-aprelda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va amal qilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududida vaqtincha turgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda xalqaro shartnomalarida belgilangan imtiyozlariga va immunitetlariga daxl qilmaydi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunchilik
O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
fuqaroligi bo‘lmagan shaxs — O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lmagan va o‘zining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lmagan shaxs;
chet el fuqarosi — O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va o‘zining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega bo‘lgan shaxs;
chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasi (bundan buyon matnda identifikatsiyalovchi karta deb yuritiladi) — identifikatsiyalovchi karta egasining shaxsini va fuqaroligini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy ro‘yxatga olinganligini tasdiqlaydigan, egasining shaxsga doir biografik va biometrik ma’lumotlari kiritilgan elektron jismni (chipni) o‘z ichiga olgan hujjat;
harakatlanish hujjatlari — milliy pasportlar, shuningdek ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatlar bo‘lib, ular asosida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish (undan chiqish) va uning hududida bo‘lish huquqiga ega bo‘ladi.
4-modda. Ikki yoki undan ortiq davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari
Ikki yoki undan ortiq davlat fuqaroligiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari qaysi davlat fuqaroligiga mansubligi to‘g‘risidagi hujjatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga kirgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida o‘sha davlatning fuqarolari hisoblanadi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati asoslari
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining qonuni oldida tengdirlar.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z tanloviga ko‘ra o‘zining amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha joylashtirish joylarida yoki boshqa uy-joy maydonida, shuningdek davolash muassasalarida vaqtincha yashashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tadi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash tartibi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qonunchilikda belgilanadigan tartibda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga olingan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi kartasi beriladi.
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga identifikatsiyalovchi kartalarni rasmiylashtirish hamda berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
8-modda. Siyosiy boshpana berish
O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini hisobga olgan holda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari hamda normalari asosida, ushbu Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq beriladi.
Siyosiy boshpana o‘z fuqaroligi bo‘yicha mansub bo‘lgan mamlakatda yoki doimiy yashash joyida ijtimoiy-siyosiy faoliyati, diniy e’tiqodi, irqiy yoki milliy mansubligi uchun ta’qib qilinishdan yoki ta’qibning jabrlanuvchisi bo‘lishiga real tahdiddan, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan inson huquqlari buzilishlarining boshqa hollaridan boshpana va himoya izlayotgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek ularning oila a’zolariga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
2-bob. Identifikatsiyalovchi kartani berish va bekor qilish, uning amal qilish muddati
9-modda. Identifikatsiyalovchi kartani berish
Identifikatsiyalovchi karta:
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga — ular o‘n olti yoshga to‘lganida yoki ota-onasining, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko‘ra — bola tug‘ilgan paytidan e’tiboran va o‘n olti yoshga to‘lguniga qadar;
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan shaxslarga, shu jumladan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan shaxslarga;
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, biroq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilmagan yoki “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxslarga;
qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulk sotib olgan chet el fuqarolariga;
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha korxonalar tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan shartlar asosida investitsiyalar kiritgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning muassislariga (ishtirokchilariga), shuningdek ularning oila a’zolariga;
O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilgan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasida siyosiy boshpana berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma asosida beriladi.
10-modda. Identifikatsiyalovchi kartaning amal qilish muddati
Identifikatsiyalovchi karta quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:
yangi tug‘ilgan bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga — ikki yilga;
bir yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — besh yilga;
o‘n olti yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — besh yilga;
oltmish yoshdan oshgan shaxslarga — o‘n yilga.
Chet davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgan fuqarolariga identifikatsiyalovchi karta ularning milliy pasportlarining amal qilish muddatidan oshmaydigan muddatga beriladi.
Ushbu Qonun 9-moddasining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek ularning oila a’zolariga identifikatsiyalovchi karta o‘n yil muddatga, biroq o‘z harakatlanish hujjatlarining amal qilish muddatidan oshmaydigan muddatga beriladi.
11-modda. Identifikatsiyalovchi kartani bekor qilish
Identifikatsiyalovchi karta quyidagi hollarda bekor qilinadi:
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda xorijga doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha chiqib ketganda, agar ular uch yildan keyin uzrli sabablarsiz O‘zbekistondagi doimiy yashash joyiga qaytmagan bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha chiqib ketgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs harakatlanish hujjatining amal qilish muddati tugaguniga qadar uzrli sabablarsiz O‘zbekistondagi o‘z doimiy yashash joyiga qaytmaganda, harakatlanish hujjatini uzrli sabablarsiz xorijda almashtirmaganda yoxud uni almashtirishni rad etganda. Kasallik, yashab turilgan mamlakatda konsullik muassasasi mavjud emasligi va fuqaroga bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablar uzrli sabablar hisoblanadi;
identifikatsiyalovchi kartani bekor qilish to‘g‘risida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs shaxsan murojaat qilganda yoxud notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma bo‘yicha boshqa shaxs murojaat qilganda yoki xorijdagi tegishli organlarning so‘roviga ko‘ra;
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ma’muriy tarzda chiqarib yuborilganda;
sudning qaroriga asosan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilinganda;
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs vafot etganda — fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining shaxsning o‘limi haqidagi guvohnomasi yoki ma’lumotnomasi asosida;
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi qabul qilinganda;
chet el fuqarosi o‘z milliy pasportining amal qilish muddati tugagandan keyin olti oy ichida uni almashtirmaganda yoki o‘z mamlakatining fuqaroligidan chiqqanligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etmaganda;
davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari rahbarlarining iltimosnomasi asosida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan doimiy yashash uchun ruxsatnoma olinganda — ushbu organlar va tashkilotlarning bildirishnomasi asosida;
identifikatsiyalovchi kartani olish chog‘ida shaxs tomonidan o‘zi yoki o‘z qarindoshlari haqida yolg‘on ma’lumotlar, shuningdek qalbakilashtirilgan va soxta hujjatlar taqdim etilganda.
3-bob. O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning asosiy huquqlari, erkinliklari hamda majburiyatlari
12-modda. Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi
O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish, turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan faqat O‘zbekiston Respublikasining qonunlari asosida protsessual majburlov va ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ularning huquqlari hamda ushlab turilishiga yoxud qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan holatlar to‘g‘risida xabar qilinishi kerak.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab erkin harakatlanish huquqi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab erkin harakatlanish huquqiga ega.
Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab harakatlanishi hududida O‘zbekiston Respublikasi vakolatli davlat organlarining ruxsatnomalari asosida harakatlanish amalga oshiriladigan chegara zonalarida hamda chegara chiziqlarida cheklanishi mumkin.
Chegaraoldi hududlar aholisining o‘zaro safarlari qoidalarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi bilan belgilangan hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan chet el fuqarolari harakatlanishining o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilanadi.
14-modda. Mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlar
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida yoki xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng ravishda mulk huquqidan foydalanadi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida va xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni meros qilib olish yoki vasiyat qilish, shuningdek boshqa mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
15-modda. Mehnat faoliyatiga doir huquq
O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq huquqlardan foydalanadi hamda ularning zimmasida majburiyatlar bo‘ladi.
Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq muayyan lavozimlarga tayinlanish yoki muayyan mehnat faoliyati turi bilan shug‘ullanish O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansublik bilan bog‘liq bo‘lsa, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu lavozimlarga tayinlanishi, saylanishi yoki muayyan mehnat faoliyati turi bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
16-modda. Ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan huquq
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda pensiya olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ijtimoiy ta’minoti tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquq
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqdan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadi.
18-modda. Ta’lim olish huquqi
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida ta’lim olishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ta’lim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.
19-modda. Nikoh tuzilganligini (nikohdan ajratilganlikni) qayd etishga va oilaviy munosabatlarga doir huquq
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida nikoh tuzilganligini qayd etishga doir huquqqa ega.
Chet el fuqarolarining, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan nikohi tuzilganligini qayd etish hamda chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida, shuningdek chet el fuqarolari va (yoki) fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzilganligini qayd etish umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida oilaviy munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda huquqlardan foydalanadi va ularning zimmasida majburiyatlar bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonunchiligiga rioya etilgan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohlar, agar O‘zbekiston Respublikasining oila to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasidagi nikohdan, shuningdek chet el fuqarolari o‘rtasidagi nikohdan ajratish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
20-modda. Madaniy faoliyat sohasida ishtirok etish
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida madaniy faoliyat sohasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda huquqlardan foydalanadi hamda ularning zimmasida majburiyatlar bo‘ladi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z ona tilidan foydalanish, shuningdek, milliy madaniyati va an’analarini rivojlantirish huquqiga egadir.
21-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, ishtirokchilari (a’zolari) bo‘lishi mumkin, bundan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno.
22-modda. Murojaat qilish huquqi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining davlat organlariga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari murojaatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini, agar ular davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etadigan ma’lumotlarni o‘z ichiga olmasa, shuningdek ular bilan tanishish jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, ta’minlaydi.
23-modda. Davlat xizmatlaridan foydalanish huquqi
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq davlat xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.
24-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi saylovlarida hamda referendumida ishtirok etishini cheklash
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati vakillik organlari saylovlarida saylovchilar sifatida ishtirok etishi mumkin emas, davlat hokimiyati organlariga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emas, O‘zbekiston Respublikasining referendumida, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovida ishtirok etish huquqiga ega emas.
25-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning majburiyatlari
O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga rioya etishi;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi;
O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylashi;
atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi shart.
26-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning umumiy harbiy majburiyatga aloqadorligi
Umumiy harbiy majburiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
27-modda. Chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga soliq solish
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan soliqlarni va unda nazarda tutilgan yig‘imlarni O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq to‘laydi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.
4-bob. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishi, O‘zbekiston Respublikasidan chiqishi, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tishi
28-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish
Chet el fuqarolari, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan viza rejimi o‘rnatilgan mamlakatlar uchun esa O‘zbekiston Respublikasining amaldagi kirish vizalari (shu jumladan elektron vizalar) mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasiga kirishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi kirish vizalari mavjud bo‘lgan taqdirda amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga kirishi mumkin, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.
Ushbu Qonun 9-moddasining oltinchi xatboshisiga binoan o‘ziga identifikatsiyalovchi karta berilgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning kirish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish yoki uning hududi orqali tranzit o‘tish uchun vizalar, bundan elektron vizalar mustasno:
O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari (bundan buyon matnda konsullik muassasalari deb yuritiladi) tomonidan, bunday konsullik muassasalari mavjud bo‘lmagan taqdirda esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama bitimlari mavjud bo‘lgan boshqa davlatlarning konsullik muassasalari;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroport maqomiga ega bo‘lgan aeroportlaridagi bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi va beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik muassasalari va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroport maqomiga ega bo‘lgan aeroportlaridagi bo‘linmalari tomonidan chet el fuqarolarining barcha toifalariga beriladi.
Alohida hollarda (favqulodda vaziyatlarda, davlat tashriflarini yoki rasmiy tashriflarni, yirik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy, gumanitar va sport tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida) O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizalar berish to‘g‘risida mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘lib, qabul qilingan qaror to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini bir sutka ichida xabardor qiladi.
Fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilgan chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilmagan holda tegishli elektron tizim orqali O‘zbekiston Respublikasining elektron vizasini rasmiylashtirishi va olishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar vizalarining amal qilish muddatini uzaytirish qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasiga kirish tartibi, ularga vizalar berish hamda ularning amal qilish muddatlariga oid ushbu Qonun bilan tartibga solinmaydigan munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tenglik asosida tuzilgan xalqaro shartnomalarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida belgilanishi mumkin.
29-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishni rad etish asoslari
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosiga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:
davlat xavfsizligini yoki jamoat tartibi muhofaza qilinishini ta’minlash manfaatlarini ko‘zlab;
agar shaxs xalqaro va xorijiy terrorchilik, ekstremistik hamda boshqa jinoiy tashkilotlar faoliyatiga aloqador bo‘lsa;
agar shaxs o‘zi haqida bila turib soxta ma’lumotlar bergan bo‘lsa, qalbaki hujjatlarni taqdim etgan bo‘lsa yoki zarur hujjatlarni taqdim etmagan bo‘lsa;
agar shaxs ilgari O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgan vaqtida jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan va sudning hukmi bilan jazoga tortilgan bo‘lsa;
agar shaxsning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish huquqi muayyan muddatga cheklangan va bu muddat hali tugamagan bo‘lsa;
agar shaxs kasal bo‘lsa yoki uning sog‘lig‘ida fuqarolar xavfsizligi va sog‘lig‘i uchun tahdid tug‘diradigan buzilishlar bo‘lsa hamda tegishli kasallik O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatda ko‘rsatilgan bo‘lsa.
O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun viza berishni rad etish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishni rad etish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizani bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan organlar boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, ularning qarindoshlari va vakillarini bunday qarorlar qabul qilinishining asoslari to‘g‘risida xabardor qilishi shart emas.
30-modda. O‘zbekiston Respublikasidan chiqish
Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasidan, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi chiqish vizalari mavjud bo‘lgan taqdirda, amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha chiqib ketadi.
Chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga amal qilish muddati tugagan milliy pasport bilan, vizasiz va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmagan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishga quyidagi hollarda ruxsat beriladi, agar:
chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ma’muriy tarzda chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror asosida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs chiqarib yuborilayotgan yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa (milliy pasportiga chiqarib yuborish to‘g‘risida qo‘yilgan qayd asosida);
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va unga hamrohlik qiluvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga muayyan muddatga vizasiz, elektron, turistik, haydovchilik va tranzit vizasi bilan kelgan bo‘lib, shu muddat ichida ular baxtsiz hodisa (jarohat yoki boshqa og‘ir kasallik) oqibatida tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib keta olmagan bo‘lsa (tibbiyot muassasasining xulosasi asosida);
epidemiya (pandemiya) munosabati bilan karantin joriy etilgan hududda vaqtincha turish muddati tugagan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs karantin davri tugaganidan keyin o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etayotgan bo‘lsa;
haydovchi bo‘lgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududiga avtotransport vositasida kirib kelgan bo‘lsa hamda yo‘l-transport hodisasi yoki avtotransport vositasi buzilganligi sababli (ushbu vaziyatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida) O‘zbekiston Respublikasi hududidan belgilangan muddatda chiqib ketish imkoniga ega bo‘lmagan bo‘lsa;
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyat, shu jumladan maishiy xususiyatga ega ofat (turar joylar yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar yong‘ini, qulashi, transport vositasi yonib ketishi) natijasida o‘zining aybisiz jabrlangan bo‘lsa (mazkur holatni tasdiqlovchi hujjat asosida).
O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida ichki ishlar organlarining qaydi mavjud bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasidan harakatlanish hujjatlari bo‘yicha chiqib ketadi.
31-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash uchun asoslar
Chet el fuqarosiga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasidan chiqishiga quyidagi hollarda ruxsat berilmaydi, agar:
uning chiqib ketishi davlat xavfsizligini ta’minlash manfaatlariga zid bo‘lsa, chiqishga monelik qiluvchi holatlarning amal qilishi tugaguniga qadar;
shaxsga nisbatan uning doimiy yashash uchun chet elga chiqishiga monelik qiluvchi shartnoma, kontrakt majburiyatlari amalda bo‘lsa, ushbu majburiyatlar tugaguniga qadar;
shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, ushbu jinoiy ish bo‘yicha ish yuritish tugagach ish yuzasidan protsessual qaror qabul qilinguniga qadar;
shaxs jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan bo‘lsa, jazoni o‘tab bo‘lguniga yoki jazodan ozod etilguniga qadar;
shaxs o‘z zimmasiga sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlayotgan bo‘lsa, majburiyatlarni bajarish tugaguniga qadar;
shaxs chiqish hujjatlarini olish chog‘ida o‘zi haqida bila turib soxta ma’lumotlarni bergan bo‘lsa, holatlar aniqlashtirilguniga qadar;
sudda shaxsga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, sud tomonidan qaror qabul qilinguniga va u ijro etilguniga qadar.
O‘zbekiston Respublikasidan chiqishni rad etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan organlar chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, ularning qarindoshlarini bunday qarorlar qabul qilinishining asoslari to‘g‘risida xabardor qiladi.
32-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tishi
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tuvchi, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishiga hamda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishiga tranzit vizalar mavjud bo‘lgan taqdirda amaldagi harakatlanish hujjatlari bo‘yicha ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit vizasiz tranzit o‘tish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali havo, temir yo‘l, avtomobil va suv transporti bilan tranzit o‘tishiga boriladigan mamlakatga kirish uchun haqiqiy hisoblangan hujjatlar hamda O‘zbekiston Respublikasi hududidagi boshqa transportga o‘tish punktidan jo‘nab ketish sanasi tasdiqlangan tegishli harakatlanish hujjatlari mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasining tranzit vizasiga ega bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tuvchi, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tish punktiga tranzit o‘tish qoidalariga rioya etgan holda, belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakatlanishi hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida tranzit vizasida ko‘rsatilgan muddat ichida to‘xtashi kerak.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
33-modda. Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida turishi hamda tranzit harakatlanishini nazorat qilish
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida turishi hamda tranzit harakatlanishini nazorat qilish ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning javobgarligi
34-modda. Huquqbuzarliklar uchun javobgarlik
O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyatlar, shuningdek ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar turish qoidalarini buzganlik hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda ma’muriy tarzda chiqarib yuborish qo‘llanilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qo‘yilishi, shuningdek ularning turish muddati qisqartirilishi ham mumkin.
O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida turish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
35-modda. O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga ma’muriy tarzda chiqarib yuborish
O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar turish qoidalarini buzganlik, ya’ni haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bo‘yicha yashash, doimiy yashaydigan yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning, harakatlanishning yoki yashash joyini tanlashning belgilangan tartibiga rioya etmaganlik, turish muddati tugaganidan keyin chiqib ketishdan bo‘yin tovlaganlik, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tish qoidalariga rioya etmaganlik, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan hamda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyati uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni ijro etib bo‘lganidan yoki o‘tab bo‘lganidan yoxud O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborilib, keyinchalik ularning O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi cheklanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirishini cheklash muddati hamda tartibi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilanadi.
Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqini cheklash muddati ular O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborilgan (O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tgan) paytdan e’tiboran hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida turish qoidalarini buzgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga majburiy ravishda chiqarib yuborilgan taqdirda, ular muddati o‘tgan harakatlanish hujjatlari yoki vizalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali vakolatli organlar xodimlarining hamrohligida o‘tkazib yuborilishi mumkin.
Xizmat, shaxsiy, savdo yoki jamoat ishlari bo‘yicha, o‘qish, malaka oshirish, ishlash uchun yoki turist sifatida kelgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborish xarajatlari ularni taklif etayotgan hamda qabul qilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning zimmasida bo‘ladi. Boshqa chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni chiqarib yuborish xarajatlari ichki ishlar organlarining zimmasida bo‘ladi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosiga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga berilgan viza ular O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuborilayotganda bekor qilinadi.
Agar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ota-onasidan biri yoxud homiysi yoki vasiysi O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda yashash huquqiga ega bo‘lsa, ushbu shaxslarni O‘zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasida turish qoidalarini buzganda, ya’ni O‘zbekistonda yashash huquqini beruvchi hujjatlarsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bo‘yicha yashaganda, vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning, harakatlanishning yoki yashash joyini tanlashning belgilangan tartibiga rioya etmaganda, turish muddati tugaganidan keyin chiqib ketishdan bo‘yin tovlaganda, xuddi shuningdek O‘zbekiston Respublikasining hududi orqali tranzit o‘tish qoidalariga rioya etmaganda;
O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyati uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni ijro etib bo‘lganda yoki o‘tab bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan hollarda jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilganda.
Chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
36-modda. O‘zbekiston Respublikasida turish muddatini qisqartirish
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasida turish qoidalarini buzadigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida turish muddati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda qisqartirilishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida turish muddati yuridik shaxslar yoki ta’lim tashkilotlari bilan shartnomaviy munosabatlar tugatilganda ularning iltimosnomalari asosida hamda taklif qilayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslarning arizasiga ko‘ra ham qisqartirilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
37-modda. O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
38-modda. Retorsiya
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlariga maxsus cheklovlar bo‘lgan davlatlar fuqarolarining huquqlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan javob tariqasida cheklovlar belgilanishi mumkin.
39-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
40-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
41-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur Qonun kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berilgan yashash guvohnomasi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda bekor qilinguniga yoki identifikatsiyalovchi kartaga almashtirilguniga qadar haqiqiy hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-iyun,
O‘RQ-692-son
https://lex.uz/