Milliy markaz vakili iqlim o‘zgarishi va inson huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda qatnashdi
Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan “Iqlim o‘zgarishi va oziq-ovqatga bo‘lgan huquq – inson huquqlari talqinida” mavzusidagi xalqaro simpoziumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ishtirok etdi. Shu yil 7-8 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan va butun dunyodan 100 dan ortiq ekspert qatnashgan ushbu tadbir Turkiya Inson huquqlari va tenglik bo‘yicha instituti tomonidan tashkil etildi.
Yalpi majlislarda Turkiya Inson huquqlari va tenglik bo‘yicha instituti raisi professor Muharram Qilich, BMTning Oziq-ovqat huquqi bo‘yicha sobiq (2014-2020 yillardagi) maxsus ma’ruzachisi professor Hilol Elver, Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha komissari (Ombudsman) Sabina Alieva, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabaev, Bosniya va Gersegovina Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmani professor Nevenko Vranjes, Turkiya oliy o‘quv yurtlarining yetakchi ekspertlari va olimlari so‘zga chiqdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili o‘z nutqida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, Orol fojiasining salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda “Yashil Makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq istiqbolli chora-tadbirlar haqida to‘xtaldi.
O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari, xususan, Jahon ekologik xartiyasini ishlab chiqish g‘oyasi Simpozium ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, Konstitutsiyaga ekologik huquqlarga oid yangi normalarning kiritilishi, davlatning ekologik sohada chora-tadbirlar ko‘rish majburiyatlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Simpozium qatnashchilari shu yil dekabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim” global forumi yakunlaridan ham xabardor etildi. Global forum Yakuniy hujjatida aks etgan tavsiyalar qatoridan bolalar va yoshlar o‘rtasida ekologik ta’limni kuchaytirish, migrantlar huquqlarini himoya qilish masalalari ham joy olgani ta’kidlandi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilarining taqdimotlarida iqlim o‘zgarishi oqibatlari millionlab insonlarning keng doiradagi huquqlaridan foydalanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tashvish bilan qayd etildi. Bu o‘rinda, jumladan, insonning oziq-ovqat, ichimlik suv, sanitariya sharoitlari, sog‘liqni saqlash va uy-joyga oid huquqlari haqida so‘z bormoqda.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish usullaridan biri ekologiya xavfsizligiga tayangan qishloq xo‘jaligini joriy etishdir. Chunki sanoatlashgan qishloq xo‘jaligi ta’sirida atrof-muhitning buzilishi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarning yanada qaltislashishiga olib keladi.
Inson huquqlarini himoya qilish ishlarining samaradorligini ta’minlash uchun barcha davlatlar iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va o‘z iqtisodiyotining salbiy natijasi bo‘lgan havoga uglerod chiqarish hajmini teng va rivojlanish huquqiga rioya qilgan tarzda kamaytirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rishi kerak.
Simpozium ishi doirasida ekologiya va oziq-ovqat inqirozlari sharoitida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalar almashildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati