Toshkentda ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari rahbarlarining giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha 12-majlisi yakunlandi
ТOSHKENT, 20-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tomoni raisligida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar vakolatli organlari rahbarlarining giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha 12-majlisining asosiy mavzusi giyohvand moddalar savdosida zamonaviy axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari hamda elektron moliyaviy tizimlardan foydalanishning oldini olish bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hindiston narkotiklarni nazorat qilish byurosidan Satya Pradxan, Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi xodimi Asqar Muxametkaliyev, Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi vakili Lyan Yun, Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi vakili Nurlan Turusbekov, Pokiston narkotiklarni nazorat qilish vazirligi xodimi Rashid Minxas, Rossiya ichki ishlar vazirligi vakili Kiril Smurov, Tojikiston Prezidenti huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish boshqarmasining Ilmiy-texnikaviy hamkorlik masalalari agentligi vakili Rahmonali Rahimzoda ishtirok etgan yig‘ilishda SHHT makonida giyohvandlik moddalariga qarshi kurashning holati va uni yana-da jadallashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev, ShHT Bosh kotibi Chjan Min va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev martabali mehmonlarni qutladilar.
«Bugungi kunda giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish mavzusi mintaqada paydo bo‘layotgan giyohvandlik holati va SHHTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga aniq-ravshan tahdid fonida tobora dolzarb tus olmoqda. 2021 yil O‘zbekistonda giyohvand moddalar bilan bog‘liq vaziyat afg‘on afyunlari noqonuniy savdosining kengayishi, xususan, sintetik giyohvandlik vositalarining intensiv tarqalishi bilan tavsiflandi. Asosiy muammolar orasida kuchli giyohvand moddalarni suisteʼmol qilishni kuchaytirish tendensiyasi ham mavjud», dedi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev o‘z nutqida.
ShHT Bosh kotibi Chjan Mingning taʼkidlashicha, «Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash ShHTni tashkil etishning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bu sohalardagi hamkorlikning ajralmas qismidir. SHHT turli tahdidlarga, jumladan, giyohvand moddalarga qarshi kurashish orqali mintaqa xavfsizligi va dunyo uchun barqaror ijobiy energiyani taʼminlaydi».
Majlisda BMTning uch asosiy konvensiyasiga asoslangan giyohvand moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha xalqaro tizimni saqlab qolish va mustahkamlashga, markaziy muvofiqlashtiruvchilik o‘rniga ega bo‘lgan va bu sohada qaror qabul qiluvchi organ hisoblanadigan BMTning Giyohvandlik vositalari bo‘yicha komissiyasi yo‘liga sodiqlik bildirildi.
Delegatsiyalar rahbarlari SHHTga aʼzo davlatlarning 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan giyohvandlikka qarshi kurash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakat dasturining bandlarini amalga oshirish bo‘yicha ish rejasini hayotga tadbiq etish va giyohvandlikka qarshi kurashda SHHTning asosiy hujjatlari doirasida samarali hamkorlikni yana-da mustahkamlashga chaqirdilar.
Giyohvand moddalarni tarqatishning global muammosi, birinchi navbatda, Afg‘oniston va mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikka jiddiy xavf tug‘diradigan «Oltin yarim oy» zonasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy ishlab chiqarishning barqaror o‘sib borayotganiga tashvish bildirildi.
Sintetik dorilar va yangi psixotrop moddalarning tez tarqalishi hamda ularni suiisteʼmol qilish, shuningdek, giyohvand moddalarni ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalarning noqonuniy savdosi ko‘payishi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solayotgani taʼkidlandi.
Milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka salbiy taʼsir ko‘rsatadigan giyohvand moddalar savdosi va giyohvand moddalar tushumini aylantirishda zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari va elektron moliyaviy tizimlardan foydalanishga qarshi kurashish muhimligi taʼkidlandi.
Delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini qamrab olgan giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surilgani va dolzarbligini, ushbu hududlarning tarixiy yaqinligini va Afg‘onistondan kelayotgan narkotik tahdidga qarshi kurash nuqtai nazardan SHHT bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdilar.
Tadbir ishtirokchilari giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishda umumiy yondoshuv va hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek, BMT hamda boshqa giyohvandlikka qarshi kurash platformalarida giyohvand moddalarni nazorat qilish bo‘yicha mavjud xalqaro tizimni saqlab qolish va mustahkamlash niyatini yana bir bor tasdiqladilar.