O‘zbekiston Prezidenti KXSHTning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)ning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklida o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida taklif etilgan mehmon sifatida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan yig‘ilishda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va KXSHT bosh kotibi Stanislav Zas qatnashdi.
Sessiyada qo‘shni Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat hamda mintaqadagi barqarorlikka tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti uchrashuv ishtirokchilarini mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ko‘maklashish, shu jumladan Afg‘oniston bilan Davlat chegarasini ishonchli qo‘riqlash va himoya qilish borasida olib borilayotgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mintaqa davlatlarining aloqador tuzilmalari bilan Afg‘oniston borasida samarali hamkorlik va tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Sammit yakunida mintaqadagi vaziyat yuzasidan o‘zaro maslahatlashuvlar va muntazam axborot almashishni davom ettirishga kelishib olindi.